Maktab yarmarkalari tashkil etiladi

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Respublika bolalar kutubxonasida maktab o‘quv qurollari, adabiyotlar, bolalar kiyim-kechaklari, poyabzallar ko‘rgazmasi hamda yangi o‘quv yilini munosib kutib olish maqsadida vazirlik tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Taklif etilgan jurnalistlar dastlab Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, bu yerda yangi o‘quv yilini munosib kutib olish maqsadida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar. Xususan, ta’lim muassasasidagi maktab yarmarkasi, chet tili kabinetlari, boshlang‘ich sinflarning jihozlanishi, darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlanishi, malakali yosh pedagoglarni jalb qilish, an’anaviy avgust kengashlarini o‘tkazish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so’ng Respublika bolalar kutubxonasida maktab o‘quv qurollari, darsliklar, kiyim-kechaklar, poyabzallar Respublika ko‘rgazmasi ochildi. Ko’rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, maktab yarmarkasini tashkil etishga mas’ul tashkilot va idoralar mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov jurnalistlarga yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko’rish maqsadida vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yangi o‘quv yilidagi yangiliklar, ta’lim muassasalarida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tadbirlarni o‘tkazish, maktab bozori va yarmarakalari faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta’lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta’minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10-avgustidan 10-sentabrigacha respublikamizda jami 1978 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi.

Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi. Bular: o‘quvchi daftari, umumiy daftar, kundalik daftari, rasm daftari, ruchka, portfel (ranets), chizg‘ich, sirkul, akvarel buyoqlari, rangli qalamlar, flomaster, vatman qog‘ozi, o‘chirg‘ich, plastilin, yelim (kley), rangli qog‘oz, qalam yo‘ng‘ich, qalamdon (penal), nota daftari, idora daftari, tush, oddiy va rangli bo‘r, barxat qog’oz, qiz bolalar va o’g’il bolalar uchun poyabzallar, bolalar sport kiyimlari. Mazkur mahsulotlarning aksariyat qismi yurtimizda ishlab chiqarilgan bo’lib, hozirda 6 mln. nafarga yaqin o’quvchilar uchun ehtiyojlar zahirasi shakllantirilmoqda.

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narx-navolarining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy hokimliklar va davlat soliq qo’mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Добавить комментарий