Kasbiy bilim va mahorat bellashuvi

_DSC6582

Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Respublika o‘quv-metodika markazida “Eng yaxshi ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonini metodik ta’minlash kichik guruhi” va “Eng yaxshi davlat ta’lim standartlariga rioya etish monitoringini metodik ta’minlash kichik guruhi” ko’rik-tanlovlarining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu yil ilk bor tashkil etilgan mazkur bellashuvlar tizimda uzluksiz metodik xizmat samaradorligini oshirish, tashabbuskor va ijodkor metodistlarning kichik guruhlarini aniqlash, ularning kasbiy mahoratini rivojlantirish, istiqbolli pedagogik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va ommalashtirish orqali metodik xizmat sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

— Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishda pedagoglarning eng yaqin hamkori metodistlar hisoblanadi. Shu bois ularning malakasini muntazam oshirib borish, xizmatini munosib rag’batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, metodistlar ish haqi miqdorining umumta’lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oylik maoshiga tenglashtirilgani buning yorqin isbotidir, — deydi Respublika ta’lim markazining metodik ishlarni muvofiqlashtirish va pedagogik texnologiyalar bo‘limi boshlig‘i O‘g‘iloy Yusupova. — Shu ma’noda, ushbu ko‘rik-tanlovlar ham kichik guruhlar orasidan eng ilg‘orlarini saralab, mehnatini munosib baholash, ish tajribalarini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Ikki kun davom etgan qizg’in bahslar paytida metodistlar bilim va salohiyatda bir-biridan qolishmasligini, yuqori kasbiy mahoratga ega ekanini namoyon etdi. Nizomga muvofiq “Eng yaxshi ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonini metodik ta’minlash kichik guruhi” ko‘rik-tanlovida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan hududiy bosqichda g‘olib bo’lgan har biri uch nafar ishtirokchidan iborat 14 ta kichik guruh bellashdi.

Ko‘rik-tanlov to‘rt turdan iborat bo‘lib, 1-turda jamoalar o‘z ilg‘or ish tajribasining mazmun-mohiyatini yoritib beruvchi taqdimotini namoyish etdi. 2-turda kichik guruh ishlarining natijaviyligi baholangan bo‘lsa, keyingi turda ishtirokchilar o’z hududida metodik xizmatni rivojlantirish bo’yicha yaqin 3 yilga mo’ljallangan strategik konsepsiyasi taqdimotini o‘tkazdi.

Ko‘rik-tanlov nizomiga ko‘ra, mazkur uch turda 60 va undan yuqori ball to‘plagan ikki jamoa — Toshkent shahri va Samarqand viloyati vakillari hal qiluvchi turda bellashdi. Ishtirokchilar tuman (shahar) fan metodika uyushma yig‘ilishini o‘tkazish shartida bor bilim va mahoratini ishga soldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Samarqand viloyati jamoasi birinchi, poytaxt vakillari esa ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
— Ko’rik-tanlov yuqori saviyada tashkil etildi. Yurtimizning barcha hududidan kelgan hamkasblarimiz bilan fikr, tajriba almashdik. Ayniqsa, Xorazm, Andijon viloyati vakillarining taqdimotlari bilan tanishib, kelgusidagi faoliyatimiz uchun muhim bo’lgan jihatlarni o‘rgandik, — deydi Samarqand tumani XTMFMTTEB metodisti Ramish O‘lmasov.

“Eng yaxshi davlat ta’lim standartlariga rioya etish monitoringini metodik ta’minlash kichik guruhi” ko’rik-tanlovida respublikamizning barcha hududidan 14 nafar ishtirokchi qatnashib, 3 tur bo’yicha kasbiy malaka va mahoratini namoyish etdi. Birinchi turda ilg‘or tajribalar taqdimoti o’tkazilgan bo’lsa, ikkinchi turda kasbiy mahorat va amaliy faoliyat natijaviyligi tahlil etildi. Oxirgi turda ishtirokchilar kelajak konsepsiyalarini himoya qilishdi.

Qizg‘in o‘tgan bellashuv yakunida 1-o’ringa Toshkent shahri, 2-o‘ringa Samarqand viloyati hamda 3-o‘ringa Toshkent viloyati vakili loyiq deb topildi. Har ikkala ko’rik-tanlovning 1-o‘rin sohiblariga kubok, I darajali diplom, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Boshqa g‘olib va sovrindorlar ham munosib rag‘batlantirildi.

Добавить комментарий